
Jizzax viloyatida o‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot tarkibida kichik biznesning ulushi 79,9 foizni tashkil etdi. Viloyatdagi 8 ming 700 dan ziyod kichik biznes subyektining 60 foizdan ortig‘i qishloq joylarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu aholi farovonligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘layotir.

Zarbdor tumanidagi “Omondaryo to‘lqini” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan makaron va non mahsulotlari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Bank krediti hisobidan zamonaviy texonologiyalar bilan jihozlangan korxona savdo tarmoqlaridan tashqari tumandagi 12 maktabgacha ta’lim muassasasini makaron va non mahsulotlari bilan ta’minlaydi.
Aholi ehtiyoji va bozor talablarini hisobga olgan korxona jamoasi mahsulot turini ko‘paytirish, ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari samarasida o‘tgan yili XRO-500 rusumli non pishirish pechi o‘rnatib, ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirdi.
– Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, yangi loyihani amalga oshirmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Rahmonqul Sultonov. – Yangi loyiha mahsulot sifatini yanada oshirish va o‘ndan ziyod yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi.
Tumanda zamonaviy, ixcham texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar soni ortib borayotgani aholini kundalik ehtiyoj mollari bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etayotir. O‘tgan yili tumanda tashkil etilgan yuzdan ortiq tadbirkorlik subyektida 500 ga yaqin kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
