Hotline: 107

Fundamentals of the right to appeal

News
Mamlakatimizda fuqarolarning Konstitutsiya asosida kafolatlangan vakolatli organlarga murojaat etish huquqi amalda to‘la ta’minlanayotir. 2014-yil 4-dekabrda kuchga kirgan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni shu maqsadga xizmat qilmoqda. 
 
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida mazkur qonun mazmun-mohiyati va amaliyotda qo‘llanilishi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan anjumanda bu alohida qayd etildi.
 
Adliya vazirining o‘rinbosari A.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida demokratik huquqiy davlat asoslari mustahkamlanib borayotgani inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Fuqarolarning huquqlari qonunlar asosida kafolatlangani, jumladan, davlat organlariga murojaat etish tartibining yanada takomillashtirilgani jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
 
Yangi qonun bilan yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishga oid ijtimoiy munosabatlar huquqiy tartibga solindi. Ushbu sohadagi qonunbuzilishi uchun javobgarlik belgilanib, davlat organlariga, mansabdor shaxslarga murojaat qilish tartibi aniqlashtirildi. Qonunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar davlat organlariga murojaat etish huquqiga ega bo‘lib, murojaat etish huquqi ixtiyoriy amalga oshiriladi.
 
Qonunning mazmun-mohiyati barchaga yetkazilishini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan ushbu qonun kitob shaklida chop etilib, unga o‘zbek va rus tilidagi hamda lotin alifbosidagi matnlari kiritildi. Bundan tashqari, qonun normalarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga sharh tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
 
Adliya vazirligi tomonidan turli vazirlik va idoralarda murojaatlar bilan ishlash amaliyoti muntazam o‘rganib kelinmoqda. Tahlillar murojaatlar bilan ishlashda qonun talablariga turlicha yondashilayotganini, oqibatda ayrim qonun normalarining buzilishiga yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatmoqda.
 
Tadbirda yangi qonunni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylikni ta’minlash, turlicha yondashuvlarni bartaraf qilish va o‘zaro foydali takliflar asosida bu boradagi muammolar yechimini topishga e’tibor qaratildi. Yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar, mansabdor shaxslarning ularni ko‘rib chiqish va hal etishdagi mas’uliyati, bu jarayondagi qonunbuzarlik uchun javobgarlik bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama etildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA

← Back to the list